Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) xalqaro darajadagi oliy ta’lim muassasalarini baholovchi QS Stars reyting tizimi tomonidan nufuzli 4 yulduz reytingiga sazovor bo‘ldi.
Mazkur reyting TATUning ta’lim sifati, bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanishi, akademik rivojlanish, infratuzilma, innovatsiyalar va xalqaro hamkorlik kabi asosiy yo‘nalishlardagi yutuqlarini aks ettiradi. 4 yulduzli maqom universitetda yuqori darajadagi ta’lim berilishini va talabalarga jahon standartlariga mos o‘quv muhiti taqdim etilishini bildiradi.
Bundan tashqari, TATU 2025-yilgi QS Osiyo universitetlari reytingiga ham kiritilib, Osiyo qit’asidagi yetakchi oliy o‘quv yurtlari orasida 541–561 o‘rinlar oralig‘ida joy oldi. Bu yutuq TATUning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasida nafaqat mintaqaviy, balki global darajada ham ilg‘or markaz sifatidagi obro‘sining ortib borayotganini tasdiqlaydi.