UI Design Evolution

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) taʼlim, ilmiy tadqiqotlar va barqaror rivojlanishdagi yutuqlari tufayli nufuzli xalqaro universitet reytinglarida munosib eʼtirofga sazovor boʻldi.

QS World University Rankings 2025 reytingida TATU 1401+ bandda qayd etildi, bu esa universitetning jahon miqyosidagi oliy taʼlim muassasalari qatorida ekanligini koʻrsatadi. Mintaqaviy reytinglarda esa QS Central Asia University Rankings 2024 da 34-o‘rin, QS Asian University Rankings 2025 da esa 541–561 bandni egalladi. Bu esa universitetning Osiyodagi raqobatbardoshligini namoyon etadi.

Bundan tashqari, QS Stars Rating System baholash tizimida TATU 4 yulduzli reytingga sazovor boʻldi. Bu natija taʼlim sifati, bitiruvchilarning ishga joylashuvi, ilmiy izlanishlar, innovatsiyalar, xalqaro aloqalar va infratuzilma kabi sohalarda yuqori natijalarga erishganligini ko‘rsatadi.

Muhim jihatlardan yana biri shuki, TATU QS Sustainability Rankings 2025 reytingida ham qayd etilib, 1501+ bandga joylashtirildi. Ushbu reyting universitetlarning ekologik va ijtimoiy ta’sirini baholaydi. Bu esa TATUning barqaror rivojlanish va global muammolarga hissa qo‘shishga bo‘lgan sadoqatini namoyon etadi.

Ushbu yutuqlar TATUni zamonaviy, global miqyosda faol va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasida yetakchi oliygoh sifatidagi maqomini yana bir bor tasdiqlaydi.