Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) nufuzli xalqaro universitet reytinglarida katta yutuqlarga erishdi.
QS World University Rankings: Central Asia 2024 reytingida TATU Markaziy Osiyodagi yetakchi oliy o‘quv yurtlari orasida 34-o‘rinni egalladi. Bu natija universitetning mintaqadagi ta'siri va ilmiy salohiyatining ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, TATU QS Asian University Rankings 2025 reytingiga kiritildi va unda 541–561 oralig‘idagi o‘rinni egalladi. Bu esa universitetning Osiyo bo‘yicha eng yaxshi oliygohlar bilan raqobatbardosh ekanligini tasdiqlaydi.
Bundan tashqari, TATU xalqaro QS Stars reyting tizimi bo‘yicha 4 yulduzli baholashni qo‘lga kiritdi. Bu reyting universitetning ta’lim sifati, bitiruvchilarning bandligi, ilmiy tadqiqotlar, xalqaro hamkorlik va infratuzilma kabi asosiy yo‘nalishlarda yuqori natijalarga erishganini ko‘rsatadi. Bu esa TATUda xalqaro standartlarga mos, sifatli ta’lim muhiti mavjudligini tasdiqlaydi.
Mazkur yutuqlar TATUning innovatsiyalarga, mintaqaviy yetakchilikka va global ilmiy-akademik yuksaklikka sodiqligini yana bir bor namoyon qiladi.